IMAN IMAN
UZ ▾
  • UZ
  • RU
  • EN

28-oktabr, 2026

OMMAVIY OFERTA BOʻYICHA HUQUQIY POZITSIYA

«IMAN HALAL INVESTMENTS KOMMANDITNOE TOVARISHESTVO» kommandit shirkati

1. Umumiy maʼlumotlar

Ommaviy oferta 1-son tahrirda Shirkat direktorining 2026-yil 16-sentabrdagi OF-004-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan va 2026-yil 17-sentabrda «IMANUM» mobil ilovasida joylashtirilgan. Ofertaning 2.6-bandiga muvofiq har bir yangi tahrir joylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi, aniq hissa qoʻshuvchi bilan munosabatlarga esa u tomonidan qabul qilingan sanadan boshlab qoʻllaniladi. Ofertaning oldingi tahriri 2025-yil 22-avgustda tasdiqlangan.

2. Oferta tahrirlarining qoʻllanilishi

Yangi tahrir qabul qilinmagan taqdirda oldingi tahrir qoʻllanilishi haqidagi fikr Oferta shartlariga mos keladi. 2.7-bandga muvofiq yangi tahrirni qabul qilmagan hissa qoʻshuvchiga amaldagi tarif muddati tugagunga qadar uning Bitimi tuzilgan sanada amal qilgan tahrir qoʻllaniladi. 2025-yil 22-avgustdagi tahrirda tahrirlar toʻgʻrisidagi qoidalar nazarda tutilmagan, tahrir raqami ham koʻrsatilmagan, mazkur qoida hissa qoʻshuvchini himoya qilish maqsadida kiritilgan.

Tarif muddatini uzaytirishda, boshqa tarifga oʻtishda va qoʻshimcha hissa kiritishda ham oldingi tahrir saqlanib qolishi haqidagi fikr Oferta shartlariga mos kelmaydi. Oldingi shartlar kiritilgan hissaga va tanlangan tarifga nisbatan ularning muddati tugagunga qadar saqlanadi. Muddatni uzaytirish, boshqa tarifga oʻtish va yangi hissa kiritish hissa qoʻshuvchining yangi iroda bildirishi hisoblanadi hamda yangi muddatga yoxud yangi summaga bitim tuzilishiga olib keladi, aksept esa tegishli harakat sodir etilgan sanada joylashtirilgan tahrirga nisbatan amalga oshiriladi. Amal qilishi toʻxtatilgan tahrir aksept predmeti boʻlishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq, agar mazkur Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi mumkin, shu sababli oldingi tahrirni yangi hissaga tatbiq etish shartlarni bir tomonlama oʻzgartirishni anglatadi.

Boshqacha yondashuv hissa qoʻshuvchiga hisobini davriy ravishda toʻldirish yoʻli bilan oldingi tahrirni cheksiz muddatga saqlab qolish imkonini bergan, Shirkatni esa turli qaytarish muddatlari va taqsimlash koeffitsiyentlariga ega cheksiz sondagi tahrirlarni bir vaqtda qoʻllashga majbur qilgan boʻlar edi.

Hissa qoʻshuvchining kafolatlari 2.7-band bilan, tarif shartlarining uning muddati tugagunga qadar oʻzgarmasligi toʻgʻrisidagi 2.11-band bilan, akseptdan qatʼi nazar barcha hissa qoʻshuvchilarga qoʻllaniladigan qoidalarning toʻliq roʻyxati toʻgʻrisidagi 2.8 va 2.9-bandlar bilan, shuningdek 7.2.1-bandning «e» kichik bandi bilan mustahkamlangan. Soʻnggi kichik bandga muvofiq tarif muddatining avtomatik uzaytirilishi yangi tahrirni qabul qilish deb faqat hissa qoʻshuvchiga yuborilgan xabarnomada yangi tahrirning raqami va sanasi koʻrsatilgan boʻlsagina hisoblanadi. Mablagʻlarni qaytarish muddatlari 2.8-banddagi roʻyxatga kiritilmagan.

Yangi shartlarga oʻtishni istamagan hissa qoʻshuvchi koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshirmasdan, tarif muddati tugashini kutib, oldingi shartlar asosida Shirkatdan chiqishga haqli.

3. Mablagʻlarni qaytarish muddatlari

2025-yil 22-avgustdagi tahrirda muddatlar bank ish kunlarida, 2026-yil 16-sentabrdagi 1-son tahrirda esa kalendar kunlarida hisoblanadi. Taqqoslash uchun ish kunlari har besh ish kuniga ikki dam olish kuni hisobidan kalendar kunlariga oʻtkazilgan. Ishlanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmagan, ular hisobga olinganda oldingi muddatlar yanada uzunroq boʻladi.

Muddatidan oldin chiqishda qaytarishning asosiy muddati 7.3.1-band bilan belgilangan va summaga bogʻliq emas. Tarif muddati tugagach chiqishdagi muddat 7.2.1-bandning «d» kichik bandi bilan belgilangan.

Chiqish asosi2025-yil tahririKalendar kunlarda2026-yil tahririOʻzgarish
Muddatidan oldin chiqish, 7.3.1-band90 bank ish kuni1269036 kunga qisqargan
Tarif muddati tugagach, 7.2.1-band «d» kichik bandi10 bank ish kuni14104 kunga qisqargan

2026-yil 1-sentabrda berilgan muddatidan oldin chiqish toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha oldingi muddat 2027-yil 5-yanvarda tugagan boʻlar edi, yangi muddat esa 2026-yil 30-noyabrda tugaydi.

7.2.1-bandning «b» kichik bandi ishtirokni davom ettirishni tasdiqlagan, soʻngra tarif muddati tugaguniga qadar qarorini oʻzgartirgan hissa qoʻshuvchiga qoʻllaniladi.

Summa2025-yil tahririKalendar kunlarda2026-yil tahririOʻzgarish
1 mln soʻmgacha3 bank ish kuni413 kunga qisqargan
1 mln soʻmdan ortiq 10 mln soʻmgacha5 bank ish kuni752 kunga qisqargan
10 mln soʻmdan ortiq 30 mln soʻmgacha30 bank ish kuni423012 kunga qisqargan
30 mln soʻmdan ortiq 100 mln soʻmgacha30 bank ish kuni426018 kunga uzaygan
100 mln soʻmdan ortiq60 bank ish kuni84906 kunga uzaygan

7.2.1-bandning «e» kichik bandi uzrli sababga koʻra javob berish muddatini oʻtkazib yuborgan hissa qoʻshuvchiga qoʻllaniladi. 2025-yil tahririda mazkur kichik band uchun alohida, uzunroq muddatlar belgilangan edi, 2026-yil tahririda esa u «b» kichik bandida belgilangan muddatlarga havola qiladi.

Summa2025-yil tahririKalendar kunlarda2026-yil tahririOʻzgarish
1 mln soʻmgacha10 bank ish kuni14113 kunga qisqargan
1 mln soʻmdan ortiq 10 mln soʻmgacha15 bank ish kuni21516 kunga qisqargan
10 mln soʻmdan ortiq 30 mln soʻmgacha30 bank ish kuni423012 kunga qisqargan
30 mln soʻmdan ortiq 100 mln soʻmgacha30 bank ish kuni426018 kunga uzaygan
100 mln soʻmdan ortiq60 bank ish kuni84906 kunga uzaygan

2025-yil tahririda muddat hisobining boshlanish sanasi belgilanmagan. 2026-yil tahririda «b» kichik bandi boʻyicha muddat tarif muddati tugagan sanadan, «e» kichik bandi boʻyicha esa murojaat tushgan sanadan hisoblanadi.

7.2.8-bandga muvofiq muddatlar kalendar kunlarida hisoblanadi, mobil ilovada aks ettirilgan muddatlar bilan Oferta muddatlari oʻrtasida tafovut boʻlganda esa Oferta muddatlari qoʻllaniladi.

Umumiy qaytarish muddatlari boʻyicha hissa qoʻshuvchining ahvoli yaxshilangan. Muddatlarning uzayishi faqat 30 mln soʻmdan ortiq summalarga va faqat 7.2.1-bandning «b» hamda «e» kichik bandlarida nazarda tutilgan hollarga taalluqli.

4. Mol-mulk qismi qiymatini toʻlash

Eʼtiroz «mol-mulk» atamasini notoʻgʻri tushunishga asoslangan. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 81-moddasi fuqarolik huquqlari obyektlari qatoriga ashyolarni, shu jumladan pul va qimmatli qogʻozlarni, boshqa buyumlarni, mol-mulkni, shu jumladan mulkiy huquqlarni kiritadi. Shirkatning mol-mulki uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini ham oʻz ichiga oladi.

Ofertaning 7.3.1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining «Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida»gi 2001-yil 6-dekabrdagi 308-II-son Qonunining 25-moddasiga asoslangan. Unga koʻra shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchiga, agar taʼsis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, shirkat mol-mulkining shu ishtirokchining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga toʻgʻri keladigan qismining qiymati toʻlanadi. Mol-mulkning qiymatini toʻlash mol-mulkni asli holida berish bilan faqat chiqib ketayotgan ishtirokchining qolgan ishtirokchilar bilan kelishuviga binoan almashtirilishi mumkin. Shunga koʻra umumiy qoida boʻyicha toʻlov pul mablagʻlari bilan amalga oshiriladi.

25-moddada taʼsis shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilishi mumkinligi belgilangan boʻlib, mazkur imkoniyat Taʼsis shartnomasining 18.8 va 18.9-bandlarida amalga oshirilgan. Ushbu bandlar ulush qiymatini hisoblash formulasini belgilaydi hamda Kommanditchi ulushining qiymati uning ustav fondiga qoʻshgan hissasining nominal qiymatidan kam boʻlishi mumkin emasligini nazarda tutadi. Taʼsis shartnomasining 18.15-bandiga muvofiq Kommanditchining ustav fondiga qoʻshgan hissasidan ushlab qolishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ofertaning 7.2.4 va 7.11-bandlariga hamda Taʼsis shartnomasining 18.18-bandiga muvofiq hissa qoʻshuvchiga tegishli mablagʻlar naqd pulsiz shaklda uning bank hisobvaragʻiga yoki bank kartasiga toʻliq, nazarda tutilgan ushlab qolishlar bundan mustasno, oʻtkaziladi. Mol-mulkni asli holida berish nazarda tutilmagan. Bundan tashqari, hissa qoʻshuvchining ishtirok etgan davriga kirgan hisob-kitob davrlari uchun unga tegishli foyda qismi ariza tushgan kunni ham qoʻshgan holda toʻlanadi.

5. Muddatidan oldin chiqishda foydadagi ulushni qayta hisoblash

Qayta hisoblash tartibi 7.3.2-bandning meʼyoriy qismi bilan belgilanadi, unga keltirilgan izohlovchi misol bilan emas.

2025-yil 22-avgustdagi tahrirning 7.3.2-bandida muddatidan oldin chiqishda hissa qoʻshuvchining foydadagi ulushi qayta hisoblanishi, olingan dividendlar qayta hisobga olinishi va ortiqcha toʻlangan summa ushlab qolinishi belgilangan hamda qayta hisoblashdan maqsad sifatida muddatidan oldin chiqish bilan bogʻliq Shirkatning qoʻshimcha xarajatlarini qoplash koʻrsatilgan. Ortiqcha toʻlangan deb tarif muddatining oʻtmagan qismiga toʻgʻri keladigan foyda qismi hisoblanadi, chunki bu davr uchun hissa qoʻshuvchining ishtiroki amalga oshmagan.

2025-yil 31-dekabrdagi tahrirdagi Taʼsis shartnomasida foydani qayta hisoblash Investordan uning tarif muddati tugaguniga qadar chiqishi uchun undiriladigan hamda bu bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida Toʻliq sherik hisobiga oʻtkaziladigan toʻlov sifatida taʼriflangan. Mazkur hujjatda muddatidan oldin chiqishda Kommanditchining oxirgi oy uchun hamkorlik miqdori nolga tenglashtirilishi ham nazarda tutilgan.

Har ikkala hujjatning meʼyoriy qismi oʻtmagan muddatga toʻgʻri keladigan foyda qismini ushlab qolishdan kelib chiqadi. 2025-yil tahririning 7.3.2-bandida keltirilgan misol mazkur meʼyoriy qismga mos kelmagan, izohlovchi misol esa oʻzi izohlayotgan qoidani oʻzgartira olmaydi.

2026-yil 16-sentabrdagi 1-son tahrirda mazkur nomuvofiqlik bartaraf etilgan va hisoblash formulasi belgilangan. Unga koʻra ushlab qolinadigan summa ilgari taqsimlangan foydaning tarif muddati oʻtmagan qismi toʻliq muddatga nisbatiga koʻpaytirilgan miqdoriga teng, misol esa mazkur formulaga muvofiqlashtirilgan. Xuddi shu hisob-kitob amaldagi tahrirdagi Taʼsis shartnomasining 18.15-bandida mustahkamlangan. Shu bilan birga qayta hisoblash miqdori Shirkatning haqiqiy xarajatlari summasi bilan cheklangan, ustav kapitalidagi hissadan ushlab qolish taqiqlangan, tarif muddati tugagach chiqishda esa qayta hisoblash amalga oshirilmaydi.

6. Risklarni oshkor etish

9.5-band hissa qoʻshuvchi Ofertani qabul qilishdan oldin tanishadigan beshta qoidani oʻz ichiga oladi.

Daromad kafolatlanmagan va kutilma xarakteriga ega, chunki Shirkat faoliyati islom moliyasi tamoyillariga asoslangan boʻlib, ularga koʻra foyda hisob-kitob davridagi haqiqiy natija boʻyicha taqsimlanadi, qatʼiy yoki eng kam daromad belgilashga esa yoʻl qoʻyilmaydi.

Hissa toʻliq yoki qisman yoʻqotilishi mumkin. Islom moliyasining asosiy tamoyili ishtirokchilar tomonidan foydani ham, zarar riskini ham birgalikda zimmaga olishdan iborat. Oʻzbekiston Respublikasining «Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida»gi 2001-yil 6-dekabrdagi 308-II-son Qonunining 28-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 61-moddasiga muvofiq hissa qoʻshuvchilar shirkat faoliyati bilan bogʻliq zararlar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar doirasida javobgar boʻladilar.

Bank kafolati va hissaning sugʻurtasi mavjud emas, chunki hissa Shirkatning ustav kapitaliga kiritiladi hamda bank omonati yoki depoziti hisoblanmaydi.

Oʻtmishdagi natijalar kelajakdagi natijalarni belgilamaydi, chunki foyda har bir hisob-kitob oyi uchun Shirkatning sof foydasidan hisoblanadi, oʻtgan davrlar koʻrsatkichlari va Kutiladigan foyda esa axborot xarakteriga ega.

Zaxira fondi hissa yoki daromadning qaytarilishini kafolatlamaydi, zararlarni unda toʻplangan mablagʻlar doirasida qoplaydi va sugʻurta hisoblanmaydi. Uni shakllantirish hamda sarflash tartibi Ofertaning 6-boʻlimida belgilangan.

IMAN IMAN

© 2026 IMAN Group Ltd.
Barcha huquqlar himoyalangan.

Biz haqimizda

  • Rasmiy bayonotlar

Bo'limlar

  • Ekotizim
  • Investitsiyalar
  • Hadya kartalari

Sahifalar

  • Yangilanishlar
  • Investorlar uchun ommaviy oferta
  • Merchantlar uchun qo'shilish shartnomasi
  • Maxfiylik siyosati
  • Shaxsga doir ma'lumotlarni qayta ishlash nizomi

Aloqa

  • info@iman.uz
  • +998 78 122 00 30