OMMAVIY OFERTA YUZASIDAN BILDIRILGAN FIKRLARGA JAVOB
«IMAN HALAL INVESTMENTS KOMMANDITNOE TOVARISHESTVO» kommandit shirkati
1-fikr
Ketma-ket olti-yetti hujjat chiqadi, boshi-oxirini topib boʻlmaydi
Bizning javobimiz:
Bu huquqiy eʼtiroz emas, balki ilova interfeysiga nisbatan bildirilgan daʼvo hisoblanadi. Shirkatning hujjatlari qonunchilikka muvofiqlashtirilgan, shu sababli hissa qoʻshuvchiga bir vaqtning oʻzida bir nechta hujjat tanishish uchun taqdim etilgan.
2-fikr
Oferta 16-sentabrdan, lekin 26-27-oktabrda chiqyapti
Bizning javobimiz:
Oferta mobil ilovada 2026-yil 17-sentabrda joylashtirilgan. Xabarnoma ilovaga kirilgan paytda koʻrsatiladi, shu sababli ilovaga uzoq vaqt kirmagan hissa qoʻshuvchilarga hujjatlar keyinroq koʻrsatilgan. Ofertaning 2.6 va 2.7-bandlariga muvofiq yangi tahrir hissa qoʻshuvchiga u tomonidan qabul qilingan sanadan boshlab qoʻllaniladi, shu paytgacha esa oldingi tahrir amal qiladi.
3-fikr
Eski ofertada shartlar oldindan xabardor qilingan holda oʻzgaradi deyilgan edi
Bizning javobimiz:
2025-yil 22-avgustdagi ofertada bunday norma nazarda tutilmagan. Uning 2.4-bandi «Shartlarga roziman» tugmasini bosish orqali rozilikni tasdiqlash haqidagi bitta gapdan iborat boʻlgan, ushbu ofertaning 13.1.bandida «Ushbu oferta va/yoki Investorlarning sheriklikdagi ishtiroki bilan bog‘liq o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar, xatlar, bildirishnomalar va hujjatlar Tarflar tomonidan IMANUM platformasi orqali yuboriladi (www.imanum.app)» deb belgilangan. Ofertaga kiritilgan o’zgartirishlar «IMANUM» mobil ilovasida hissa qo’shuvchini oldindan xabardor qilgan holda e’lon qilinishi to’g’risidagi norma aynan yangi tahrirning 2.4-bandi bilan kiritilgan.
4-fikr
Ofertani tasdiqlasang, yangi shartlarga rozi boʻlgan hisoblanasan
Bizning javobimiz:
Oldingi tahrirda tahrirlar toʻgʻrisidagi qoidalar nazarda tutilmagan, bunday himoya aynan yangi tahrir bilan belgilangan. 2.7-bandga muvofiq yangi tahrirni qabul qilmagan hissa qoʻshuvchiga tarif muddati tugagunga qadar oldingi tahrir qoʻllaniladi. 2.11-bandga muvofiq Bitim tuzilgan sanada amal qilgan tarif shartlari, jumladan ishtirok muddati va foydani taqsimlash koeffitsiyenti, tarif muddati tugagunga qadar oʻzgarmaydi. 2.8 va 2.9-bandlarga muvofiq akseptdan qatʼi nazar qoʻllaniladigan qoidalar roʻyxati toʻliq hisoblanadi va mablagʻlarni qaytarish muddatlari unga kiritilmagan.
5-fikr
7.3-bandga koʻra muddatidan oldin chiqishda balans emas, mol-mulkdagi ulush qiymati toʻlanadi
Bizning javobimiz:
«Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 25-moddasiga muvofiq shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchiga uning ustav fondidagi ulushiga toʻgʻri keladigan shirkat mol-mulki qismining qiymati toʻlanadi. Fuqarolik kodeksining 81-moddasiga muvofiq fuqarolik huquqlari obyektlariga ashyolar, shu jumladan pul, shuningdek mol-mulk kiradi, shu sababli toʻlov pul mablagʻlari bilan amalga oshiriladi. Mol-mulkni asli holida berish mazkur moddaga muvofiq faqat ishtirokchilarning kelishuviga binoan mumkin boʻlib, Ofertada bunday tartib nazarda tutilmagan. Ofertaning 7.2.4 va 7.11-bandlariga hamda Taʼsis shartnomasining 18.18-bandiga muvofiq toʻlov naqd pulsiz shaklda hissa qoʻshuvchining bank hisobvaragʻiga yoki bank kartasiga amalga oshiriladi.
6-fikr
Balansdan kam boʻlishi mumkin, tezroq qaytarish esa majburiyat emas, huquqqa aylangan
Bizning javobimiz:
Taʼsis shartnomasining 18.8-bandiga muvofiq Kommanditchi ulushining qiymati uning ustav fondiga qoʻshgan hissasining nominal qiymatidan kam boʻlishi mumkin emas, 18.15-bandga muvofiq hissadan ushlab qolishga yoʻl qoʻyilmaydi. 14.6-bandga muvofiq ariza taqdim etilmagan taqdirda foyda ustav fondini koʻpaytirishga yoʻnaltiriladi va hissa tarkibiga kiradi, shu sababli unga nisbatan ham 18.8-band qoidasi qoʻllaniladi.
Shirkatning majburiyati 7.3.1-bandda belgilangan 90 kalendar kunlik muddatdan iborat boʻlib, mazkur muddat 126 kalendar kundan qisqartirilgan. Muddatidan oldin qaytarish hech bir tahrirda majburiyat sifatida nazarda tutilmagan. Mablagʻlarning bir yoki bir necha hissa qoʻshuvchiga muddatdan oldin qaytarilishi qolgan hissa qoʻshuvchilar uchun belgilangan muddatni oʻzgartirmaydi.
7-fikr
Endi foydaning toʻrtdan uch qismi ushlab qolinadi, oldin toʻrtdan uch qismi sizniki edi
Bizning javobimiz:
Qayta hisoblash tartibi 7.3.2-bandning meʼyoriy qismi bilan belgilanadi, unga keltirilgan misol bilan emas. Oldingi tahrirda ham ortiqcha toʻlangan summa ushlab qolinishi belgilangan va qayta hisoblashdan maqsad qoʻshimcha xarajatlarni qoplash ekanligi koʻrsatilgan, ortiqcha toʻlangan deb esa tarif muddatining oʻtmagan qismiga toʻgʻri keladigan foyda hisoblanadi.
Yangi tahrirda hisoblash formulasi belgilangan, qayta hisoblash miqdori Shirkatning haqiqiy xarajatlari summasi bilan cheklangan, ustav kapitalidagi hissadan ushlab qolish taqiqlangan, tarif muddati tugagach chiqishda esa qayta hisoblash amalga oshirilmaydi.
8-fikr
Ayrim summalar boʻyicha qaytarish muddati 60 kungacha choʻzilgan
Bizning javobimiz:
Muddatning uzayishi faqat 7.2.1-bandning «b» va «e» kichik bandlariga hamda faqat 30 mln soʻmdan ortiq summalarga taalluqli.
7.3.1-bandda belgilangan muddatidan oldin chiqishdagi asosiy muddat 126 kalendar kundan 90 kalendar kunga, tarif muddati tugagach chiqishdagi muddat esa 14 kalendar kundan 10 kalendar kunga qisqartirilgan. «b» va «e» kichik bandlarida 30 mln soʻmgacha boʻlgan barcha summalar boʻyicha muddatlar ham qisqartirilgan.
9-fikr
Bu investorning huquqlarini konkret buzadi
Bizning javobimiz:
Yangi tahrir shartlari hissa qoʻshuvchi tomonidan qabul qilinmaguncha unga qoʻllanilmaydi. Yagona istisno 2.8-bandda keltirilgan toʻliq roʻyxat boʻlib, mablagʻlarni qaytarish muddatlari, hissa miqdori va foydani taqsimlash koeffitsiyenti unga kiritilmagan. Yangi tahrirning qabul qilinishi shartnomani Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq taraflarning kelishuviga binoan oʻzgartirishni anglatadi, uni qabul qilmagan shaxsga esa tarif muddati tugagunga qadar oldingi shartlar qoʻllaniladi.
10-fikr
Eski ofertada zaxira fondi zararni 100 foiz sugʻurtalaydi deyilgan edi
Bizning javobimiz:
Islom moliyasi tamoyillariga muvofiq ishtirokchilar foydani ham, zarar riskini ham oʻz zimmalariga oladilar, hissa yoki daromadning qaytarilishini kafolatlashga esa yoʻl qoʻyilmaydi. Oldingi ibora mazkur tamoyilga mos kelmagan, shu sababli u muvofiqlashtirilgan.
Qoplash hajmi oʻzgartirilmagan. Oldingi tahrirda keltirilgan misolda ham qoplash fondda toʻplangan mablagʻlar bilan chegaralangan, xuddi shu qoida amaldagi Ofertaning 6.4-bandida mustahkamlangan.
11-fikr
Zaxira fondi (masalasi) endi mavjud emas
Bizning javobimiz:
Shirkatda Zaxira fondi mavjud emasligi iddaosi noo’rin bo’lib, Zaxira fondi va unga oid bandlar 2025-yil 22-avgustdagi Ofertaning 6-bo’limida va 2026-yil 17-sentabrda e’lon qilingan amaldagi Ofertaning 6-bo’limida belgilab qo’yilgan. Maqsadli miqdori ustav kapitalining 15 foizini tashkil etadi (6.1-band), fond oylik ajratmalar hisobidan shakllantiriladi (6.2-band), zararlar unda toʻplangan mablagʻlar doirasida qoplanadi (6.4-band), fond toʻgʻrisidagi maʼlumot moliyaviy hisobotda aks ettiriladi va hissa qoʻshuvchilarga tanishish uchun ochiq (6.7-band).